Rossiyaning “Krasnodar” jamoasi Yevropa ligasining guruh bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda Stadion.uz.
Ispaniyada bo‘lib o‘tgan dastlabki o‘yinda “Real Sosyedad” 1:0 hisobi bilan g‘alaba qozongan edi. Ikkinchi o‘yin esa ancha shiddatli o‘tdi. O‘yinning so‘nggi 20-daqiqasi barcha masalani hal qilgan bo‘lsa-da, bungacha har ikkala jamoada darvozani ishg‘ol qilish uchun imkoniyatlar yuzaga keldi. Ayniqsa, krasnodarliklar raqibiga nisbatan ikki barobar ko‘p vaziyat yaratdi. 61-daqiqada o‘zbekistonlik yarim himoyachi Odil Ahmedovning kuchli zarbasini “Sosyedad” darvozaboni mahorat bilan qaytarib qoldi. 71-daqiqada esa ispanlar darvozasiga penalti belgilandi va Joazinyo jarima zarbasini golga aylantirdi.
O‘yin tugashiga ikki daqiqa qolganida Pereyra, 90-daqiqada esa Ari darvozani ishg‘ol qilib, hisobni 3:0 ko‘rinishiga keltirdi.
Odil Ahmedov o‘yinda to‘liq harakat qildi.
“Krasnodar” o‘z tarixida ilk marta Yevropa ligasining guruh bosqichida ishtirok etadigan bo‘ldi.
Moskvaning “Lokomotiv” klubi esa bunday yo‘llanmani qo‘ldan chiqardi. “Temiryo‘lchilar” safarda durang o‘ynab, o‘z maydonlarida Kiprning “Apollon” klubiga 1:4 hisobida imkoniyatni boy berdi. Dastlabki o‘yinda Vitaliy Denisov qizil kartochka olgani bois javob uchrashuvida maydonga tusha olmadi.
Rossiyaning yana bir jamoasi — “Dinamo” qiyinchilik bilan Yevropa ligasi guruh bosqichiga yo‘l oldi. Kiprning “Omoniya”siga qarshi javob uchrashuviga qo‘shib berilgan daqiqada urilgan gol “Dinamo”ga guruh bosqichi yo‘llanmasini taqdim etdi.
Yevropa ligasi, saralash pley-off bosqichi, javob o‘yinlari:
“Lokomotiv” (Rossiya) — “Apollon” (Kipr): 1:4 (0:1)
“Krasnodar” (Rossiya) — “Real Sosyedad” (Ispaniya): 3:0 (0:0)
“Omoniya” (Kipr) — “Dinamo” (Rossiya): 1:2 (1:1)
Izoh (0)