Rossiyaning Chelyabinsk shahrida dzyudo bo‘yicha jahon chempionati davom etmoqda. 27-avgust kuni 73 kilogramm vazn toifasida bahslar bo‘lib o‘tdi. Ushbu vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Mirali Sharipov uchinchi bahsida mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi. Uni slovakiyalik Rok Draksich mag‘lubiyatga uchratdi. Bu haqda “Olamsport” xabar bermoqda.
Sharipov dastlab Yangi Zelandiya vakili Li Kalderni 58 soniya ichida mag‘lub etdi. Keyin yamanlik Ziyad Materni bir daqiqa-yu 14 soniya ichida yengdi. Ammo uchinchi bahsining 2-daqiqa 33-soniyasi o‘tib borayotgan pallada mag‘lubiyatini tan oldi.
Draksich esa o‘z o‘rnida qozog‘istonlik Yertugan Torenovga yo‘lni bo‘shatib berdi. Aks holda Mirali Sharipov o‘tish turniri orqali medallarga da’vogarlik qilishi mumkin edi.
Eslatib o‘tamiz, 31-avgustga qadar davom etadigan chempionatda shaxsiy hisobda 14 ta, jamoaviy yo‘nalishda ikkita medallar jamlanmasi o‘ynaladi. Yilning nufuzli musobaqasida 110 davlatdan 388 nafar erkak, 251 ayol dzyudochi ishtirok etyapti.
Izoh (0)