“Dinamo” bosh murabbiyi Ravshan Haydarov O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi (U-19)ga bosh murabbiy etib tayinlangach, uning asosiy e’tibori terma jamoaga qaratilib, klubning natijalari biroz susaygan edi. Shu bois tajribali murabbiy Tachmurod Agamurodov klubda maslahatchi-murabbiy sifatida faoliyat yurita boshladi, deb qayd etdi Uff.uz.
Samarqand klubining axborot xizmati ma’lum qilishicha, Tachmurod Agamurodov chorshanba kuni “Dinamo” futbolchilariga tanishtirilgach, tushdan so‘ng jamoaning dastlabki mashg‘ulotlarida ishtirok etgan.
“Samarqanddek shahar jamoasida yana ish boshlaganimdan juda xursandman. Bu ajoyib shahardagi dastlabki faoliyatimdan menda juda yaxshi va yorqin xotiralar qolgan. Klub men uchun begona emas — bir qator futbolchilar bilan oldin ham ishlaganman.
Albatta, hozirda jamoaning turnir jadvalidagi holati havas qilarli darajada emas. Ammo, ikkinchi davraning asosiy o‘yinlari hali oldinda va vaziyatni o‘zgartirish uchun imkoniyat bor. Shunday ekan, men jamoa natijalari yaxshilanishi uchun bor bilim, tajriba hamda mahoratimni ishga solaman. Tajribamdan bilaman — ‘Dinamo’ning minglab sodiq muxlislari borki, ular hech qachon sevimli jamoalari taqdiriga befarq bo‘lmaydi. Umid qilamanki, ular o‘z jamoalarini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi va biz birga yaxshi natijalar uchun kurashamiz” — deya ta’kidladi Tachmurod Shamakovich.
Ma’lumot uchun, “Dinamo” navbatdagi 17-turda shanba kuni safarda “Bunyodkor” mehmoni bo‘lsa, 18-turda chorshanba kuni “Andijon”ni o‘z maydonida qabul qiladi.
Izoh (0)