27-avgust kuni Toshkent shahridagi City Palace mehmonxonasining yozgi maydonida “Ozod yurt to‘lqinlari” an’anaviy VII media-festival bo‘lib o‘tadi. Tadbirda Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi a’zolari bo‘lgan nodavlat tele- va radiostansiyalar rahbar va xodimlari, yosh muxbirlar, shuningdek, vazirliklar, qo‘mitalar, jamoat va xalqaro tashkilotlar, chet el davlatlarining O‘zbekistondagi diplomatlari ishtirok etadi. Bu haqda UzDaily.uz xabar bermoqda.
Media-festival g‘oliblari uch yo‘nalish bo‘yicha ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi:
- O‘zbekiston mustaqilligining 23 yilligiga bag‘ishlangan “Mening yurtim” nominatsiyasi;
- “Sog‘lom bola yili”ga bag‘ishlangan “Eng yaxshi media-mahsulot” nominatsiyasi;
- “Yoshlar hayotini yoritgan eng yaxshi media-mahsulot” nominatsiyasi.
Ovoz berish jarayoni maxsus dastur yordamida onlayn tarzida amalga oshiriladi.
Tanlov g‘oliblariga “Ozod yurt to‘lqinlari” haykalchalari, diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshiriladi.
“Ozod yurt to‘lqinlari” mukofoti bilan nodavlat elektron OAVlari, shuningdek, jamiyatning siyosiy, madaniy-ma’naviy rivojlanishiga xizmat qiluvchi ko‘rsatuv va radiodasturlar tayyorlashda qatnashgan tele- va radiostansiya muxbirlari hamda texnik xodimlari taqdirlanadi.
Tadbir doirasida tanlov g‘oliblariga “Mustaqil ommaviy axborot vositalarining fuqarolik jamiyatini shakllantirish va demokratik islohotlarni chuqurlashtirish jarayonlarini yoritishga, sog‘lom turmush tarzini, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilishga, aholining huquq madaniyati va o‘z haq-huquqini anglash darajasini oshirishga qaratilgan loyihalarini qo‘llab-quvvatlash” bo‘yicha Davlat grantlari sertifikati topshiriladi.
Tadbirning rasmiy qismini mehmonlarga Andijonning eng yaxshi oshpazlari retsepti asosida tayyorlangan andijoncha palov yakunlab beradi.
Izoh (0)