Xitoylik olimlar xalq orasida o‘z-o‘zini portlatuvchi terrorchilar va boshqa jinoyatchilarni aniqlab beradigan mitti vidokamera yaratdi. Bu haqda “Rossiyskaya Gazeta” xabar bermoqda.
Mazkur qurilma olomon orasida eng ko‘p asabiylashayotganlarning yuzini “tutib oladi”. Gumondorlar sezilarli masofadan turib, tananing ochiq qismlari orqali o‘lchanadigan tana harorati, yurak urishi va qon tarkibidagi kislorod miqdori singari parametrlar bo‘yicha aniqlanadi.
Kamerani ishlab chiqqan mutaxassislar rahbari Chen Tongning aytishicha, olomon orasida ketayotgan yovuz niyatli kishining yuzi qurilma ekranida qizil rang bilan ajratib ko‘rsatiladi.
Ishlab chiqaruvchilar mini-kamera qattiq charchagan odamni terrorchidan ajrata olishi, aynan shuning uchun ham noaniq ma’lumotlar soni nihoyatda kam bo‘lishini ta’kidladi.
Hozircha qisqa vaqt ichida bir necha parametr bo‘yicha tahlil o‘tkazishga qurilmaning kuchi yetmaydi. Shu sababli kamera ma’lumotlarni Wi-Fi tarmog‘i orqali uzoq muddat davom etadigan qayta ishlash jarayoni uchun jo‘natadi va tahlil natijalarini qabul qilib oladi.
Bu turdagi qurilmaga bo‘lgan ehtiyoj, ayniqsa, iyul oyida Xitoyning shimoli-g‘arbiy hududlarida amalga oshirilgan, 100 ga yaqin kishining umriga zomin bo‘lgan bir nechta terrorchilik harakatlaridan so‘ng kuchaydi.
Izoh (0)