2014-yil 6-avgust kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktorining “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilishda test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning saytida xabar berildi.
Mazkur qaror natijasida Test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga bir qator o‘zgarishlar kiritildi.
Eng avvalo, apellyatsiya berish muddati o‘zgartirildi. Avval xabar berilganidek, 2014-yil 27-iyun kunidagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomda test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar uchun apellyatsiya berish muddati 30 kundan 15 kunga qisqartirilgan edi.
Mazkur qoida Test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ham kiritildi. Aniqroq aytganda, DTM direktori qarori bilan tasdiqlangan Nizom Vazirlar Mahkamasining Nizomiga muvofiqlashtirildi.
Bundan tashqari, qarorga muvofiq, abituriyentlarning ota-onalari apellyatsiya jarayonlarida bevosita ishtirok etish huquqidan mahrum qilindi.
Keyingi o‘zgarish bu apellyatsiya berish shakliga daxldor bo‘lib, unga ko‘ra endilikda abituriyent apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilayotgan vaqtda o‘z noroziligini faqat yozma tarzda bayon qilishi kerak. Apellyatsiya shikoyati ko‘rilayotgan abituriyentga uning javoblar varaqasi nusxasi, test sinovida yo‘l qo‘ygan noto‘g‘ri javoblari ro‘yxati hamda testda tushgan savollar kitobi beriladi. Taqdim etilgan hujjatlar asosida abituriyent o‘zining har bir noto‘g‘ri chiqqan savoliga javoblarini yozma ravishda bayon qiladi va qabul qilib olgan barcha test materiallari bilan birga apellyatsiya komissiyasiga taqdim etadi.
Navbatdagi o‘zgartirish titul varaqasini noto‘g‘ri to‘ldirgan abituriyentlarga tegishli bo‘lib, Nizomga kiritilgan yangi qoidaga binoan, abituriyent tomonidan javoblar varaqasi, savollar kitobi yoki titul varaqasi ushbu Nizomda belgilangan tartibda to‘ldirilmagan, shuningdek, test sinovidan chetlashtirilgan yoki o‘zining javoblarini yozma ravishda bayon qilmagan abituriyentning apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilmaydi.
Bundan tashqari apellyatsiyaning ko‘rib chiqish muddati olib tashlandi. Ya’ni Nizomning eski tahriri 94-bandiga ko‘ra, apellyatsiya o‘n kunlik muddatda ko‘rib chiqilishi lozim edi. Yangi tahrir bo‘yicha, apellyatsiya ko‘rib chiqish uchun hech qanday muddat belgilanmagan. Xushnudbek Xudoyberdiyev fikricha, apellyatsiya shikoyati “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning umumiy qoidalari bo‘yicha ko‘rib chiqiladi va bir oygacha muddatga cho‘zilishi mumkin.
Shuningdek, endilikda apellyatsiya shikoyati ko‘rilayotgan auditoriyaga abituriyent uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar (lug‘at, jadvallar bundan mustasno) olib kirishga harakat qilsa yoki olib kirsa, apellyatsiya jarayonida test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa, abituriyentlarga yordam bersa yoki yordam olsa, auditoriyaga xalaqit bersa, savollar kitobi varag‘ini yirtsa, abituriyent apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish tartibini buzgan hisoblanadi va apellyatsiya komissiyasi a’zolari tomonidan dalolatnoma tuzilib, apellyatsiya jarayonidan chetlashtiriladi. Uning e’tirozi qayta ko‘rib chiqilmaydi. Bunday qoida ilgari yo‘q edi.
Izoh (0)