Global Footprint Network mustaqil xalqaro tashkilotning ma’lum qilishicha, 19-avgust kuni yerliklar sayyoradagi barcha resurslarni sarflab tugatdi. Bu haqda Euronews xabar bermoqda.
19-avgust kuni Butunjahon jamg‘armasining ilm-fan bo‘yicha rahbari Kristof Rotyurye “Bugundan boshlab bizning xarajatlarimiz miqdori daromadimizdan oshadi. Daromad deganda inson hayoti uchun zarur bo‘lgan suv, ekin ekiladigan yerlar, o‘rmon, baliq singari barcha Yer resurslari tushuniladi.
Bundan tashqari, daromadga Yer sayyorasining karbonat angidrid va xo‘jalik chiqindilarini qayta ishlash imkoniyati ham kiradi. Negaki, faqatgina o‘rmon va okeanlar karbonat angidridning belgilangan miqdorini yutish xususiyatiga ega. Shunday qilib, bugundan boshlab Yerda ekologik qarz ortib boradi, ya’ni sayyora yuta olmaydigan chiqindi va axlat to‘planadi”, — deb qayd etdi.
Ko‘p yillardan beri insoniyatning bir yillik kamomadlari va sayyora imkoniyatlarini o‘rganib, solishtirib kelayotgan Global Footprint Network tashkiloti jahon iqtisodiyotining hozirgi hajmi sayyora biosferasi imkoniyatlaridan 1,5 barobar yuqori ekanini qayd etdi.
Aholi jon boshiga ishlatilgan tabiiy resurslar ko‘rsatkichi bo‘yicha Birlashgan Arab Amirliklari yetakchilik qilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, BAA hozirda o‘zining zaxiradagi tabiiy boyliklaridan 12 bor katta iste’mol qilish darajasiga ega. Mazkur ko‘rsatkich Yaponiyada yetti, Xitoyda 2,2 marotabani tashkil qilsa, Italiya va Shveysariyada to‘rt martadan ko‘proqqa teng. Tabiiy resurslarga boy AQSh o‘z zaxirasidan deyarli ikki bor ko‘proq xarajat qilmoqda. O‘z navbatida, zaxiradagi resurslariga nisbatan Buyuk Britaniya 3,3, Germaniya 2,5 va Fransiya 1,6 marta ko‘p iste’mol darajasiga egadir.
Kamroq ovqatlanish, vaqti-vaqti bilan avtomobilda emas, velosiped yoki metroda yurish va tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish singari harakatlar orqali tabiatga bo‘lgan salbiy ta’sirni kamaytirish mumkin. Bu nafaqat odamlarning, balki hayvon va o‘simliklarning ham hayotini saqlab qoladi.
Tabiatshunos olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, butun sayyora bo‘yicha so‘nggi 30 yil ichida o‘simlik va hayvonlarning turlari o‘rtacha 3o, tropik hududlarda esa 51 foizga kamayib ketgan.
Izoh (0)