Poytaxtda mustaqillikning 23 yilligi oldidan “Yagonasan, muqaddas Vatanim, sevgi va sadoqatim senga baxshida, go‘zal O‘zbekistonim!” shiori ostida an’anaviy “Istiqlol farzandlari” yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumanda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sohiblari, xalqaro olimpiadalar, turli sport musobaqalari, tanlovlar g‘oliblari, ijtimoiy faol yoshlar qatnashdi.
Tadbir davomida yoshlarni O‘zbekistonning oliy qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud organlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ushbu organlarga sayohatlar tashkil etilib, uning doirasida iqtidorli yoshlardan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasiga takliflar olindi.
“Barkamol avlod” respublika bolalar markazlari tarbiyalanuvchilarining O‘zbekiston mustaqilligining 23 yilligi oldidan “Vatanimga mening tuhfam” mavzusidagi ijodiy ishlari ko‘rgazmasi; yosh rassomlar, shoirlar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovlar festivalga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Eslatib o‘tamiz, festival doirasida O‘zbekiston futbol federatsiyasining xalqaro toifadagi hakami, FIFA referisi Ravshan Ermatov bilan uchrashuv va “Kamolot kutubxonasi” loyihasi doirasida “Yurt iftixorlari” turkumida chop etilgan “Ravshan Ermatov: eng kuchli FIFA referisi” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.
Izoh (0)