14-avgust kuni Seulda matbuot anjumani o‘tkazilib, unda Janubiy Koreya terma jamoasiga Osiyo o‘yinlarida bosh murabbiylik qiladigan Li Kvang Jong 23 futbolchidan iborat tarkibni e’lon qildi. U matbuot anjumanini: “Braziliya jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsizlik alamlari hali tarqamadi. Biz Osiyo o‘yinlarida faqat oltin medalni ko‘zlayapmiz”, — deya ochdi. Bu haqda Stadion.uz xabar bermoqda.
“1-sentabrdan boshlab barcha futbolchilar qo‘l ostimda bo‘ladi va Paju terma jamoa mashg‘ulot bazasida tayyorgarlikning oxirgi bosqichiga kirishamiz. Biz musobaqa g‘olibligini jiddiy maqsad qilganmiz. Shu tufayli ‘Bayer Leverkuzen’dan Son Xing Minni ham tarkibga qo‘shishga urindik. Lekin buning iloji bo‘lmadi. Kim Shin Uk (‘Ulsan’), Kim Seung Kyu (‘Ulsan’) va Park Ju Ho (‘Mayns’, Germaniya) kabi 23 yoshdan kattalarni tanladik.
Jahon chempionatida qatnashgan mazkur futbolchilarning tajribalari qo‘l kelishiga ishonaman. Shuningdek, tarkibimizdan Key-liganing kuchli futbolchilari hisoblangan Yun Ir Lok (‘Seul’), Mun Sang Yun (‘Inchxon Yunayted’), Kim Seung De (‘Poxang Stilers’), Li Jong Xo (‘Chonnam’) kabilar ham joy olgan. Braziliyadagi qoniqarsiz natijalar bizni g‘alabalarga tashna qildi”, — deb qayd etdi Li Kvang Jong.
Bosh murabbiy turnirdagi raqiblari va g‘oliblikka da’vogar jamoalar haqida quyidagilarni aytdi:
“Tabiiyki, Yaponiya va doim ‘bo‘ynimizdan bo‘g‘adigan’ arab jamoalari — Iroq, BAA va Eronni turnir g‘olibligi uchun asosiy da’vogarlar deb bilaman. Ha, darvoqe, bu yoqda O‘zbekiston bor. Ularda ham kuchli jamoa bor”.
Ma’lumot uchun, sentabrning oxirlarida Janubiy Koreyaning Inchxon shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida koreyslar Seulda 5-sentabr kuni Venesuela va 8-sentabr kuni Urugvay terma jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazishni rejalashtirgan.
Izoh (0)