Avstraliyaning Melburn shahrida joylashgan shifoxona adashib, 200 nafar tirik bemorlarining vafot etgani haqidagi xabarnomalarni ularni davolagan shifokorlarga jo‘natdi. Bu haqda Avstraliyaning Herald Sun nashriga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Shifokorlar 30-iyul kuni Ostin shifoxonasidan faks orqali aslida tibbiy muassasadan allaqachon chiqarilgan bemorlarining vafot etgani haqida xabar oladi. Aniqlanishicha, xabarlar adashib yuborilgan bo‘lib, bemorlar hozirda tirik.
Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, shifokorga u qarayotgan bemor vafot etganda yuboriladigan xabarnoma shabloni shifoxona xodimlaridan birida standart shablon sifatida saqlanib qolgan.
Muassasa ma’muriyati elektron tizimdagi xatolikni vaqtida aniqlagan. Shifokorlar mijozlarining o‘limi haqida ularning qarindoshlariga aytishga ulgurmay, bo‘lgan voqeadan xabar topgan.
Faqatgina bir shifokor bemorining oilasiga uning vafot etganini ma’lum qilgan.
Keyinroq shifoxona rahbariyati yo‘l qo‘yilgan xatolik uchun uzr so‘radi.
Izoh (0)