“Metallinvest” va Mail.ru Group kompaniyalari egasi Alisher Usmonov 2013-yilda xayr-ehson uchun 194 million dollar sarflab, barcha rossiyalik tadbirkorlar ichida xayriya qilgan eng saxiy inson deb topildi. Bu haqda Blooomberg agentligiga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
2013-yilda tadbirkorning xayr-ehson uchun ajratgan mablag‘i 2012-yilga nisbatan 25,9 foizga o‘sgan. Bu uning “Pokoleniye” (“Avlod”) gumanitar jamg‘armasi rahbari va “Metallinvest”ning boshqa bir egasi Andrey Skoch (xayriya uchun 66 million dollar ajratgan) hamda Polyus Gold oltin ishlab chiqarish kompaniyasi egasi Sulaymon Kerimovni (62 million dollar) ortda qoldirib, birinchi pog‘onani egallashiga sabab bo‘ldi.
Ro‘yxatdan, shuningdek, Renova Group direktorlari kengashi raisi Viktor Vekselberg (51 million dollar), “Norilskiy nikel” tog‘-metallurgiya kompaniyasi bosh direktori Vladimir Potanin (39 million dollar), “Severstal” kompaniyasi bosh direktori Aleksey Mordashov (29 million dollar), ONEXIM Group egasi Mixail Proxorov (25 million dollar) hamda tadbirkor Gennadiy Timchenko va “Sistema” moliyaviy aksiyadorlik korporatsiyasi asoschisi Vladimir Yevtushenkov (ikkovi 21 million dollardan) joy oldi.
Xayriya uchun pul ajratgan kishilar ro‘yxatini tadbirkor Oleg Deripaska (18 million dollar), “Lukoyl” neft kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperov (12 million dollar) va mazkur kompaniya vitse-prezidenti Leonid Fedun (11 million dollar) yakunlagan.
Bloomberg agentligi rossiyalik 25 nafar tadbirkordan so‘rovnoma o‘tkazganda, ulardan 12 nafari xayriya xarajatlari haqida gapirib berishga rozilik bildirgan.
2013-yilda rossiyalik tadbirkorlar jami 548 million dollarga teng xayriya ishlarini amalga oshirgan. Bu 2012-yilgi ko‘rsatkichdan 12 foizga ko‘proqni tashkil etdi.
Eslatib o‘tamiz, 2012-yilgi reytingni tadbirkor Roman Abramovich (111 million dollar) boshqargan edi. Bu yil u o‘zining 2013-yilda xayr-ehson uchun ajratgan mablag‘i haqida ma’lumot berishni lozim topmadi.
Charities Aid Foundation xayriya tashkilotining Rossiyadagi bo‘linmasi rahbari Mariya Chertok “Agar Rossiya iqtisodiyoti keskin pasaysa, ular (tadbirkorlar) xayr-ehsonning mazkur darajasini saqlab qola olmaydi”, — deb qayd etdi.
Izoh (0)