2014-yilning 5—10-avgust kunlari Xorvatiyaning Zagreb shahrida erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati bahslari o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabar bermoqda.
Mazkur jahon chempionatida besh nafar sportchi — Islomjon Bahromov (-50 kg) va Daler Raxmatov (-120 kg) erkin kurash bo‘yicha bo‘lib o‘tgan bellashuvlarda, Mahmudjon Shavkatov (-50 kg), Sirojiddin Hasanov (-60 kg) va Abdurasul Vahobov (-74 kg) yunon-rum kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada O‘zbekiston sharafini himoya qildi.
Murosasiz kurashlar ostida o‘tgan musobaqada Mahmudjon Shavkatov finalga qadar kechgan bellashuvlarni mag‘lubiyatsiz o‘tkazib, kumush medal sovrindori bo‘ldi.
Ushbu vazn toifasida rossiyalik Gasanguseyn Badrudinov oltin, Saber Xanjani Sharestani (Eron) va Emre Demirkan (Turkiya) bronza medal sovrindori bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Mahmudjon 2013-yil o‘tkazilgan jahon chempionati bahslarida bronza medalni qo‘lga kiritgan edi.
Izoh (0)