Moskva markazidagi Bosh universal do‘kon (“GUM”)da Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning surati tushirilgan futbolkalar sotuvga chiqdi. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar bermoqda.
Yoshlarning Anyavanya brendiga qarashli mazkur futbolkalarni xarid qilishni istaganlar savdo boshlanishidan bir soat avval navbatga turib oldi. Ayni damda Rossiya boks federatsiyasi taklifi asosida rasmiy tashrif bilan Moskvada bo‘lib turgan amerikalik aktyor Mikki Rurk ham navbatdan joy oldi.
Brend dizaynerlari Anna Trifonova va Ivan Yershovning so‘zlariga ko‘ra, “Hammasi joyida” (“Vsyo putyom”) liboslar to‘plami so‘nggi vaqtlarda Rossiyaning jahon miqyosida erishayotgan g‘alabalari, xususan, Sochi olimpiadasidagi Rossiya termasi qo‘lga kiritgan g‘alabalar, Paralimpiya o‘yinlaridagi g‘alaba, Qrimning Rossiya bilan birlashgani, xokkey bo‘yicha jahon chempionatida erishilgan g‘alaba kabilarga bag‘ishlangan.
Aksiya uchun “GUM”ning ikkinchi yo‘lagi boshida atrofi qayin daraxti bilan o‘ralgan maxsus platforma o‘rnatildi. Daraxtning oppoq poyasiga “Vatanda tayyorlangan” (“Sdelano na Rodine”) deb yozilgan taxtacha ilib qo‘yildi. Ivan Yershovning aytishicha, bu “to‘plamning mohiyatini anglatadi”. Negaki qayin Rossiya timsollaridan biridir.
“GUM”da to‘plam liboslari ilk bor iyun oyining boshida sotuvga chiqib, bir necha soatda 5000 nusxaning barchasi sotib bo‘lingan. Bu safar orasida harbiylar va dengizchilar bosh kiyimini kiyib tushgan Putinning rasmi tushirilgan futbolkalar bo‘lgan 7000 ga yaqin libos sotilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, ular orasida prezidentning harbiy kiyimda otda o‘tirgan holati tushirilgan va “Bizni quvib yetisholmaydi” (“Nas ne dogonyat”) deb bitilgan yozuvli futbolkalar, qora ko‘zoynak taqqan holatiga “Odamlarning eng xushmuomalasi” (“Samiy vejliviy iz lyudey”) deb nom berilgan liboslar ham bor.
Bundan tashqari, to‘plamdan iPhone uchun ikki xil suratli g‘iloflar ham joy olgan. Futbolkaning narxi 1200 rubl (taqriban 33 dollar), g‘ilofniki esa 600 rubl (17 dollar atrofida)ni tashkil etadi.
Izoh (0)