Muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 26-maydagi 79-sonli yig‘ilish bayoniga asosan, shuningdek muqobil energiya manbalari bo‘yicha ma‘lumotlarni yig‘ish maqsadida, davlat statistika organlari tomonidan joriy yilning 20-avgustidan 30-avgustiga qadar yakka tartibdagi va ko‘p xonadonli turar-joy uylarida muqobil energiya manbalaridan foydalanish va energiya iste’moli samaradorligini oshirish bo‘yicha tanlama kuzatuv o‘tkaziladi. Bu haqda qo‘mita axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur tanlama kuzatuv O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida, jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha o‘tkaziladi. Jami kuzatiladigan uylar soni 901 ta, shu jumladan shahar joylarida – 318 ta, qishloq joylarda – 583 ta.
Kuzatuv mobaynida dizel generator qurilmalar, quyosh batareyalari, suv isitish uchun quyosh kollektor qurilmalari, biogaz qurilmalaridan foydalangan holda energiya ishlab chiqarish hajmi hamda umumiy tizimga ulanmagan statsionar isitish tizimlaridan foydalanish, shuningdek uylarni isitish va issiq suv bilan ta‘minlovchi qozonxona tomonidan ko‘mir va ko‘mir briketlarining ishlatilishi haqida ma’lumotlar yig‘iladi.