Norvegiyaning Tromse shahrida davom etayotgan 41-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida 5-tur uchrashuvlari ortda qoldi. Unda O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi olimpiadada ikkinchi tartib raqam ostida tasniflangan Ukraina terma jamoasini 2,5:1,5 hisobi bilan mag‘lub etdi. Bu haqda “Olamsport” xabar bermoqda.
O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi sardori Rustam Qosimjonov birinchi taxtada Vasiliy Ivanchukni mot qildi. Anton Filippov Ruslan Ponomaryov bilan durang o‘ynadi.
Marat Jumayev Pavel Elyanovga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Yosh shaxmatchi Jahongir Vohidov esa haqiqiy qahramonlik ko‘rsatdi. U xalqaro grossmeyster Anton Korobovni yengishning uddasidan chiqdi va terma jamoaga tarixiy g‘alabani taqdim etdi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 6-o‘rinni egallab turibdi. Kuchli beshlikda borayotgan jamoalar ham o‘zbekistonliklar kabi to‘rtta g‘alaba va bitta durangga ega.
Izoh (0)