O‘zbekistonning chekka hududlarida istiqomat qilayotgan aholining sifatli dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan maxsus jihozlangan 50 ta “Damas” avtomashinasida ko‘chma dorixona tashkil etilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga yetkazildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Bugungi kunda 140 dan ortiq farmatsevtika korxonasida tibbiyotning turli tarmoqlarida qo‘llaniladigan 1700 ga yaqin nomdagi dori vositasi, tibbiy buyum va jihozlar ishlab chiqarilmoqda.
“Dori-darmon” kompaniyasi tarkibida sakkizta aksiyadorlik jamiyati, 10 ta sho‘ba korxonasi, 17 ta dori saqlanadigan omborxona, 15 ta nazorat-tahlil laboratoriyasi hamda 1350 ga yaqin dorixona faoliyat yuritmoqda. Bu dorixonalarning 70 dan ko‘prog‘i qishloq joylarda, jumladan, 707 tasi qishloq vrachlik punktlarida joylashgani qishloq aholisining zamonaviy tibbiy yordamdan bahramandlik darajasini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Farg‘ona viloyatida beshta ko‘chma dorixona aholiga xizmat ko‘rsatishni boshladi. Viloyatda qishloq aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Farg‘ona viloyati “Dori-darmon” ochiq aksiyadorlik jamiyati tomonidan qishloq hududlarida 168 ta dorixona shoxobchasi aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida tashkil etilgan ko‘chma dorixonalar xizmatidan Dang‘ara tumanining Chinobod qishlog‘i ahli ham foydalana boshladi. Ko‘chma dorixonalarda savdoni amalga oshirish uchun nazorat kassa mashinasi, to‘lov terminali o‘rnatilgani aholiga qulaylik yaratmoqda.
Izoh (0)