Bir necha oy avval Apple kompaniyasi GT Advanced Technologies (GTAT) kompaniyasidan sapfir billurini sotib olish bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzolagan edi. Bu hamkorlik Project Cascade deb nomlangan va u uzoq muddatga mo‘ljallangan ko‘rinadi.
GTAT kompaniyasi 2014-yilning ikkinchi choragi yakunlariga ko‘ra 86 million dollar yo‘qotgan. Bunga esa kompaniya Apple’ning buyurtmalariga tayyorgarlik ko‘rishi sabab bo‘lgan. Hozirda kompaniya sapfir billurini yuqori suratda ishlab chiqarishga tayyor. Bu haqda Phonearena.com ma’lumotiga asoslanib “Parol” nashri xabar berdi.
Apple kompaniyasi shu paytgacha sapfir billuridan iPhone 5 kamerasida va iPhone 5s’ning asosiy tugmasida foydalangan. Kuzda taqdim etilishi kutilayotgan iPhone 6 displeyida ham sapfir billuri ishlatilishi kutilmoqda.
So‘nggi mish-mishlarga ko‘ra, iPhone displeyida sapfir billuri ishlatilmasligi yoki ulardan birida ishlatilishi hamda uning narxi qimmatroq bo‘lishi taxmin qilingan edi.
Biroq Apple hamkorining sapfir billurini yuqori suratda ishlab chiqarishni boshlashi esa iPhone 6 displeyi sapfir billuri bilan himoyalanmasligi mumkin, degan mish-mishlarni inkor etadi.
Izoh (0)