O‘zbekistonlik professional bokschi Bahodir Mamajonov o‘zining navbatdagi jangini 22-avgust kuni ugandalik Osuma Akabaga qarshi o‘tkazadi. Bo‘lajak jang Ogayo shtatining Kolambus shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “Olamsport” xabar berdi.
Akaba shu kungacha 36 ta jang o‘tkazib, shularning 31 tasida g‘alaba qozongan. 24 ta jangda raqiblarini nokaut bilan mag‘lub etgan. Hisobida beshta mag‘lubiyatli jang bor. Bahodir Mamajonov bo‘lajak jang va raqib haqida o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
“Tayyorgarlikni kuchaytirdik. Kuniga ikki mahaldan kuchaytirilgan rejimda mashg‘ulot o‘tkazyapmiz. Murabbiyim Ken Richardson bilan mashg‘ulotga zo‘r berganmiz.
To‘g‘ri, raqibim juda kuchli bokschi. Oxirgi 10 ta jangidan to‘qqiztasini nokaut bilan yutgan. Shunga qaramay, g‘alaba qozonishga astoydil harakat qilaman. O‘tgan hafta do‘stim va jamoadoshim Axror Mirolimov o‘z vazn toifasida ilk chempionlik (AQSh chempionlik tituli) kamarini qo‘lga kiritdi.
Axror raqibini ikkinchi raunddayoq nokaut bilan yengdi. Men ham do‘stimning natijasini takrorlashga urinib ko‘raman va buning uchun bor imkoniyatimni sarflayman”, — deydi B.Mamajonov.
Izoh (0)