Hindistonning g‘arbiy Maxarashtra shtatida kuchli yomg‘ir natijasida sodir bo‘lgan yer ko‘chishi 1-avgust kuni 63 kishining umriga zomin bo‘lgani aniqlandi. Yana 100 ga yaqin kishi buzilgan uylar ostida qolib ketgan. Bu haqda shtat hukumati ma’lumotiga asoslanib, “ITAR-TASS” xabar berdi.
Tabiiy hodisa natijasida Puna okrugidagi Malin qishlog‘i eng ko‘p zarar ko‘rdi. 30-iyul kuni bu yerda sodir bo‘lgan yer ko‘chishi 50 ga yaqin uyni xarobaga aylantirdi. Sakkiz kishi bosib qolgan uylar ostidan tirik holda qutqarib olindi.
Taxminan 100 kishi jalb etilgan qutqaruv ishlari hamon davom etmoqda.
Mazkur tumanga Hindiston Ichki ishlar vaziri Rajnatx Singx tashrif buyurib, halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi. Shtat Bosh vazir devonxonasi ularga moliyaviy yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Hindistonda yomg‘irlar mavsumi iyuldan sentabrgacha davom etib, har yili suv toshqinlari va yer o‘pirilishlariga sabab bo‘ladi. O‘tgan yilgi shimoliy Uttarakxand shtatidagi suv toshqini 5ooo kishining umriga zomin bo‘lgan edi.
Izoh (0)