Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Li Uk Xyon ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik, xususan, quyosh energetikasi hamda bolalar salomatligini muhofaza qilish borasida fikr bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar berdi.
Elchi qayd etganidek, bugungi kunda Janubiy Koreya kompaniyalari konsorsiumi “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Surg‘il koni bazasida gaz-kimyo majmuasini barpo etish bo‘yicha loyiha O‘zbekiston tabiiy gazining qo‘shimcha qiymatini oshirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston rahbariyatining Koreya singari an’anaviy yoqilg‘i turlariga nisbatan quyosh energetikasi imkoniyatlaridan to‘laroq foydalanishga intilayotgani va shuning uchun ham ikki mamlakat o‘rtasida quyosh energetikasi sohasidagi hamkorlikning o‘rnatilishi o‘zaro manfaatli sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlaridan ekani ta’kidlandi.
“Koreya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi bir-birini to‘ldiradigan iqtisodiy tuzilmalardir. O‘zbekiston tabiiy resurslarga boy, Janubiy Koreya esa ilg‘or texnologiyalar, kapital va nou-xauga ega”, — deydi Li Uk Xyon.
Intervyuda qayd etilganidek, Koreya Respublikasi O‘zbekistonda bolalar milliy shifoxonasini qurish loyihasini moliyalashtirishga ham ko‘mak bermoqda. EDCF jamg‘armasi ushbu maqsad uchun 100 million dollarlik zayom mablag‘ini ajratdi. Mazkur loyihada KOICA tashkilotining ilg‘or tajribasi va texnologiyalaridan ham foydalanilishi kutilmoqda.
Izoh (0)