Toshkentning “Lokomotiv” klubi ikkinchi davra oldidan yangi futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib oldi. Shu munosabat bilan “Lokomotiv” bugun, 31-iyul kuni soat 11:00 da ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazdi. Bu haqda Stadion.uz xabar berdi.
Marosimda klub rahbariyati, bosh murabbiy, shuningdek, yangi qabul qilingan futbolchilar qatnashib, ular keng ommaga tanishtirildi.
“Lokomotiv” bosh murabbiyi Vadim Abramov seleksiya ishlaridan qoniqqanligini aytib, yig‘in davomida yuqori saviyadagi jamoalar bilan nazorat uchrashuvlari o‘tkazilgani va unda “Lokomotiv”ning ijobiy natija ko‘rsatganini ta’kidlab o‘tdi.
Qishki yig‘inda klubga taklif etilgan uch nafar futbolchining davralar oralig‘ida jamoani tark etgani borasidagi savolga jamoa boshlig‘i Qobiljon Yunusov “Qishki yig‘in paytida klubimizning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Hakim Fuzaylov ularni jamoaga qabul qilgandi. Murabbiy o‘zgarganidan keyin, ular Vadim Abramovning o‘yin uslubiga mos tushmadi. Shu bois ular bilan shartnomani bekor qilishga qaror qildik”, — deya javob berdi.
O‘zbekiston klublari o‘z haq-huquqlarini talab qilgan holda, o‘z futbolchisini terma jamoaga qo‘yib yubormasligi mumkinmi, degan savolga esa, Abramov mumkin ekanligini aytdi: “Masalan, ‘Lokomotiv’ Avstriyadagi yig‘inlarda shunchaki klub emas, O‘zbekiston klubi sifatida ishtirok etdi va nazorat o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qildi. Shu bois, biz terma jamoa manfaatlarini hurmat qilamiz. O‘z navbatida terma jamoa bosh murabbiyi ham klubning manfaatini, uning muammolarini tushunadi, hurmat qiladi”.
Shuningdek, marosim davomida bosh murabbiy tarqalayotgan ba’zi gap-so‘zlarga oydinlik kiritdi: “Go‘yoki, men futbolchilarga ko‘rsatma berib, terma jamoa safida yaxshi o‘yin ko‘rsatmaslikni ta’kidlayotgan ekanman. Jasur Hasanov yoki boshqa futbolchi darvozaga to‘pni aniq tepmasa, men aybdor ekanman. Aslida terma jamoaga eng ko‘p foydasiga tegadigan jamoa — “Lokomotiv”. Termaga futbolchilar, shifokorlar, massajchilar, maydonlar, avtobus beramiz, ammo negadir eng ko‘p e’tiroz aynan bizga bo‘ladi. Shunisini tushunmayman. Terma jamoaga futbolchilarimizning foydasi ko‘proq tegishi, ular yaxshi formada bo‘lishi uchun biz legionerlardan voz kechdik”.
Nutqini yakunlar ekan, Vadim Abramov “Lokomotiv”da futbolchilarning o‘yinini o‘stirish orqali ularning terma jamoaga taklif etilishiga erishishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganini aytdi.
Izoh (0)