Navoiy shahrida yangi San’at galereyasi ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov va boshqalar Prezident rahnamoligida san’at va madaniyatni rivojlantirish, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar berdi.
“Mazkur san’at maskani yoshlar uchun ajoyib bayram tuhfasi bo‘ldi”, — deydi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi badiiy ijodkorlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Aminjon Qodirov. Shuningdek, u qurilishiga 100 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan ushbu yangi muassasada yosh san’atsevarlar uchun barcha imkoniyatlar yaratilgani va bu yerda navoiylik iste’dodli ijodkor yoshlarning shaxsiy ko‘rgazmalarini tashkil etish rejalashtirilganini ma’lum qildi.
Shu kuni “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?!” deb nomlangan ko‘rgazma ham bo‘lib o‘tdi. Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida tashkil etilgan ko‘rgazmada viloyatdagi mohir rassom, hunarmand va kulollarning ijod namunalari namoyish qilindi.
Tadbirda Navoiy viloyati hokimi E.Turdimov so‘zga chiqdi.
Izoh (0)