Pekin universitetining hisobotida qayd etilishicha, butun Xitoyning uchdan bir qism boyligiga mamlakatning bir foizgina aholisi egalik qiladi. Bu haqda Sinxua agentligining 26-iyuldagi axborotiga tayanib “RIA Novosti” xabar berdi.
So‘nggi yillarda Xitoyda YaIM ko‘rsatkichi bilan birga aholini daromad bo‘yicha qatlamlarga bo‘linishini ko‘rsatuvchi Jini koeffitsiyenti ham o‘sib bormoqda. 1995-yilda u 0,45 ga teng kelgan bo‘lsa, 2012-yilda 0,73 ni tashkil etdi. Koeffitsiyentning bu darajada o‘sishi mutlaq tengsizlikka olib kelishi mumkin.
Tadqiqotchilar xitoyliklarni besh toifa: kambag‘al va bemorlar, “chumolilar”, “chig‘anoqlar”, iste’mol qilish darajasi barqaror bo‘lganlar hamda boylarga ajratdi. Birinchi guruh vakillari daromadlarning barchasini dori-darmon uchun sarflaydi. Ular mutlaq kambag‘allikka osonlik bilan tushib qolishi mumkin. “Chumolilar” kamtarona darajadagi daromad va iste’mol bilan ajralib turadi.
“Chig‘anoqlar” pulni jamg‘ara oladigan darajadagi kishilar, biroq ta’lim, turar-joy uchun mablag‘ni iqtisod qilish sababli ularning iste’mol darajasi birinchi ikki guruh a’zolariga yaqin.
Qolgan ikki toifa vakillari esa o‘rtahol va iste’mol darajasi yuqori bo‘lgan yaxshi ta’minlangan kishilardir.
Tadqiqotlar yana shuni ko‘rsatdiki, 2014-yilning birinchi yarim yilligida Xitoy aholisining o‘rtacha daromadi o‘tgan yilgi shu davrga nisbatan 10 foizga ko‘tarilgan.
XXRning mehnat resurslari va ijtimoiy ta’minoti vaziri Li Chjun esa mamlakatning 16 mintaqasida eng kam ish haqining o‘rtacha 14,2 foizga o‘sganini ta’kidladi.
Izoh (0)