26-iyul kuni Mirjalol Qosimov bosh murabbiyligidagi 1991 va undan keyingi yillarda tug‘ilgan futbolchilardan iborat terma jamoa Toshkentning “Paxtakor” klubiga qarshi nazorat uchrashuvini o‘tkazdi va yirik 6:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bu haqda Stadion.uz xabar berdi.
O‘yinning dastlabki daqiqalaridanoq hujum uyushtirgan terma jamoa a’zolari 12-daqiqaga kelib, “Paxtakor” darvozasini ikki bor ishg‘ol etdi. Har ikkala golga ham Sardor Rashidov mualliflik qildi.
Ikkinchi bo‘lim ham asosan milliy terma jamoa futbolchilari ustunligida o‘tdi va Navro‘z Olimov, Jamshid Iskanderov va Yegor Krimetslarning gollari evaziga Qosimov shogirdlari o‘yinni yirik hisobdagi g‘alaba bilan yakunladi. “Paxtakor” himoyachisi Maksimilian Fomin hisobiga esa avtogol yozildi.
Xabar berganimizdek, Mirjalol Qosimov mazkur yig‘inda jami 26 nafar futbolchini sinovdan o‘tkazadi va sentabr oyida Inchxon shahrida start oladigan Osiyo o‘yinlariga boradigan tarkibni aniqlaydi.
Ma’lumot o‘rnida, jarohati tufayli dastlabki ikki nazorat uchrashuvini o‘tkazib yuborgan “Paxtakor” himoyachisi Davron Hoshimov milliy terma jamoa yig‘iniga kelib qo‘shilgan.
O‘zbekiston terma jamoasi — “Paxtakor” (nazorat o‘yini): 6:0
Gollar: Sardor Rashidov (4), (12-penaltidan), Navro‘z Alimov (56), Maksimilian Fomin (65-avtogol), Jamshid Iskanderov (68), Yegor Krimets (77)
O‘zbekiston: Suyunov (Xudoyorov, 60), Mustafoyev (Mirabdullayev, 75), Krimets, Yo‘ldoshev, Isroilov (Hoshimov, 61), Kozak (Sobirxo‘jayev, 71), Ahmedov, Rashidov, Iskanderov (Dadaboyev, 71), Sergeyev, Olimov.
“Paxtakor”: Lobanov (Ribkin, 46), Merzlyakov (Fomin, 83), Fomin (Isroilov, 69), Ubaydullayev (Sohibov, 14), Boltaboyev, Maxaradze (Ib.Abdullayev, 60), Qilichev (Ubaydullayev, 60), Andreyev (Ibrohimov, 81), Karimov (Davlatjonov, 81), Masharipov, Rogovanov (Yusupov, 46).
Izoh (0)