Amerikalik komikslar rassomi Kevin Istmen o‘zining “Toshbaqa-ninzya” seriyasidagi 1984-yilda ishlangan birinchi suratini ikki million dollarga sotishga qaror qildi. Bu haqda Variety xabar berdi.
Suratni San-Diyegodagi 24—27-iyulda bo‘lib o‘tadigan Comi-Con festivalida xarid qilish mumkin. Rassomning ta’kidlashicha, 2014-yil “Toshbaqalar” 30 yoshga to‘lgani uchun ham suratni aynan shu vaqtda sotishga qaror qilgan. Bundan tashqari, Paramount kompaniyasi 8-avgust kuni toshbaqalar sayohatlari haqidagi yangi filmni muxlislar e’tiboriga taqdim etadi.
Istmenning so‘zlariga ko‘ra, savdodan tushgan mablag‘ning ma’lum bir qismi xayriya uchun ajratiladi.
“Men bu rasmga 30 yil egalik qildim, endi, o‘ylashimcha, unga yangi uy topadigan vaqt keldi. Hozir ‘Toshbaqalar’ni qo‘yib yuborish uchun eng qulay vaqt ekanligini his qilyapman”, — deydi rassom.
Rasmni sotishda Istmenga kattalar uchun mo‘ljallangan, komiks va fantaziya hamda ilmiy fantastika janrlaridagi hikoyalar chop etadigan Heavy Metal nashri yordam beradi. Rassom 1991-yildan beri mazkur jurnalning ham egasi, ham noshiri hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Istmen komiksni Piter Lerd bilan hammualliflikda yaratgan. Toshbaqa-ninzyalarning sayohatlari oltita to‘liq metrajli film, ko‘plab multseriallar, teleshou va kompyuter o‘yinlarida aks etgan.
Izoh (0)