O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston sportchilarining 2016-yil Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida”gi 2013-yil 25-fevraldagi PQ-1923-son Qarori ijrosini ta’minlash, yuqori toifali sportchilar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 18-iyuldagi qarori bilan Guliston olimpiya zaxiralari kolleji tashkil etildi. Bu haqda Olympic.uz xabar berdi.
Ushbu qarorga ko‘ra, Guliston 2-pedagogika kolleji 2014—2015-o‘quv yilidan boshlab Guliston olimpiya zaxiralari kollejiga aylantirildi.
Kollej sifatli o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish uchun yuqori malakali trener o‘qituvchilar bilan to‘ldiriladi. Kadrlar tayyorlash yo‘nalishlariga muvofiq sport anjomlari, o‘quv-labaratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi, zarur normativ-huquqiy hujjatlar, o‘quv va uslubiy adabiyotlar bilan ta’minlanadi.
Guliston olimpiya zaxiralari kollejining umumta’lim bo‘g‘iniga 100 nafar hamda o‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’limi bo‘g‘inining birinchi bosqichiga 100 nafar o‘quvchi qabul qilinadi.
O‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’limining majburiyligini ta’minlashni inobatga olgan holda Guliston 2-pedagogika kollejining qolgan o‘quvchilarini, o‘z xohishiga ko‘ra, tahsil olayotgan ta’lim yo‘nalishlariga mos boshqa o‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga o‘tkaziladi.
Guliston olimpiya zaxiralari kollejida amalga oshiriladigan qurilish va ta’mirlash ishlarining 2015-yil investitsiya dasturiga kiritilishi ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)