24-iyul kuni Gollandiyaga Ukrainadagi aviahalokat qurboni bo‘lganlardan yana 74 nafarining murdalari keltirildi. Harbiy-transport samolyotlari Eydxoven aeroportiga qo‘ndi. Bu yerdan qabrlar Xilversum harbiy bazasiga jo‘natilib, ularning shaxsi aniqlanadi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Niderlandiyaliklarning aytishicha, shaxsni aniqlash jarayoni bir necha kundan bir necha oygacha cho‘zilishi mumkin. Unda turli mamlakatlardan kelgan 200 dan ziyod mutaxassis qatnashadi.
Ma’lum qilinishicha, murdalarning ma’lum bir qismi Xarkovda qolgan.
Malayziya va gollandiyalikdan tuzilgan ishchi guruhlari voqea sodir bo‘lgan joyda topilmagan murdalarni qidirmoqda. Mutaxassislar ish jarayonida ularga qurollangan kishilarning xalal berayotganidan shikoyat qilmoqda. Payshanba kuni qurol xavfi tufayli ular hatto ishni to‘xtatib qo‘yishga ham majbur bo‘ldi.
Gollandiya hukumati Ukrainaga qidiruv ishlarida yordam berish uchun Qirollik politsiyasining 40 nafar xodimini jo‘natishini ma’lum qildi.
Ayni damda, Farnborodagi britaniyalik mutaxassislar bir “qora quti”dan ekipaj a’zolarining o‘zaro suhbati bilan bog‘liq ma’lumotlarni olishga muvaffaq bo‘ldi. Bort tizimlarining ishlashiga oid ma’lumotlar saqlangan ikkinchi “qora quti” esa endi o‘rganib chiqiladi.
Izoh (0)