Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi “Zebuniso” hamda Chirchiq shahridagi “Gulzor” mahalla fuqarolar yig‘inlarida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Yevropa Ittifoqining “Ehtiyojmand oilalarga daromad manbalarini yaratishda ijtimoiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha yangi dasturlar” nomli hamkorlikdagi loyihasi doirasida axborot oynalari tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda loyiha tashkilotchilari, tegishli idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, mahallalar, xotin-qizlar qo‘mitalari faollari, bank-moliya tuzilmalari mutasaddilari va mutaxassislar ishtirok etdi.
Viloyatda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Yevropa Ittifoqining tegishli loyihasi doirasida jamoatchilik guruhlari tuzildi. Joriy yilning fevral—may oylarida nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining malakasini oshirish, ijtimoiy marketing va mablag‘larni boshqarish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish bo‘yicha o‘quv-seminarlar tashkil etildi. Mazkur mashg‘ulotlarda axborot oynalari faoliyatini samarali olib boradigan mutaxassislar tayyorlandi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Qibray tuman bo‘limi raisi, jamoatchilik guruhi a’zosi Rahmatilla Tolipov “Axborot oynasi”ning xotin-qizlarga huquqiy maslahat berish, tadbirkorlikka oid zarur ma’lumot va axborotlarni olish, ularni bu yo‘nalishdagi milliy qonunchiligimiz bilan tanishtirish, tegishli idora va tashkilotlar bilan bog‘lanishga ko‘maklashishda muhim ahamiyat kasb etishini aytib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova so‘zga chiqdi.
Izoh (0)