Moody’s O‘zbekiston bank tizimini beshinchi bor “barqaror” deb baholadi

Respublika Markaziy bankida bank tizimining 2014-yilning I yarim yilligidagi faoliyati yakunlari, Prezident Islom Karimov tomonidan Vazirlar Mahkamasining shu yil 17-yanvardagi majlisida belgilab berilgan 2014-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari ijrosiga bag‘ishlangan kengaytirilgan Boshqaruv majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F. Mullajonov olib bordi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: moodys.com

Foto: moodys.com

Bugungi kunda bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi 24,6 foizni tashkil etayotgani, 2014-yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, banklarning umumiy kapitali 6,6 trillion so‘mdan oshgani qayd etildi.

Majlis davomida O‘zbekistondagi barcha tijorat banklari Fitch Ratings, Moody’s va Standard & Poor’s kabi yetakchi xalqaro reyting agentliklarining “barqaror” reyting baholariga ega ekani, shuningdek, birgina Moody’s xalqaro reyting agentligi ketma-ket beshinchi yil O‘zbekiston bank tizimining rivojlanish istiqbollarini “barqaror” deb e’lon qilayotgani ta’kidlandi.

Bank tizimi faoliyatining asosiy indikatorlari — “banklarning umumiy kapitali yetarliligi”, “tijorat banklarining likvidligi”, “depozitlar hajmining dinamikasi”, “kredit qo‘yilmalari hajmining o‘zgarishi” joriy yil birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha yuqori bahoga mosligi ma’lum qilindi.

2014-yilning birinchi yarim yilligida moliyaviy xizmatlar tarkibida, bevosita bank xizmatlarining ulushi 88 foizni tashkil etgani, bu esa 2013-yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ziyod ekani qayd etilgach,  joriy yilning ikkinchi yarmida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Majlisda muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing