Bugun, 24-iyul kuni amerikalik qo‘shiqchi, aktrisa va prodyuser Jennifer Lopesning tug‘ilgan kuni bo‘lib, u 45 yoshga to‘ldi. Bu haqda Gazeta.ru xabar berdi.
Jennifer Lopes Nyu-Yorkda katta bo‘lib, musiqa va xoreografiyadan ta’lim olgan. Karyerasini tungi klublarda ishlashdan boshlagan Lopes, keyinchalik New Kids on the Block guruhi bilan hamkorlik o‘rnatadi.
1990-yillar boshida Jennifer teleshoularda paydo bo‘la boshlaydi, kinolarda rol ijro etadi. Uning eng katta muvaffaqiyati “Selena” biografik dramasi (1997) bo‘lib, bu kinofilmdagi ijrosi uchun Lopes “Oltin globus” nomzodlari orasidan joy olgan.
So‘nggi yillarda aktrisa kinolarda kam rol ijro etmoqda. Biroq u qatnashgan kinolar jami ikki milliard dollarga yaqin pul to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.
Musiqa sohasida ham ko‘plab yutuqlarga erishib kelayotgan Jenniferning “On the 6” nomli ilk albomi 1999-yil chiqib, Billboard-200 reytingida 8-o‘ringacha ko‘tarilgan bo‘lsa, uning ikkinchi “J.Lo” albomi ushbu reytingning birinchi pog‘onasini zabt etgan.
Hozirda uning albomlari soni sakkiztani tashkil etadi. So‘nggi, sakkizinchi “A.K.A.” plastinkasi 2014-yil iyun oyida muxlislar e’tiboriga taqdim etilib, Billboard’ning kuchli o‘nligidan joy oldi.
Jennifer Lopes ikki marta “Lotin Gremmisi”da g‘alaba qozonib, asosiy musiqiy mukofot “Gremmi”ning nomzodlaridan bo‘lgan.
Izoh (0)