Toshkent davlat agrar universitetida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan “Yilning eng faol yosh fermeri” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
“Yilning eng faol yosh mutaxassisi” loyihasi doirasida o‘tkazilgan mazkur tanlovda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Tanlovning dastlabki bosqichlarida O‘zbekistonning turli hududlaridan ming nafardan ortiq yosh fermer ishtirok etdi.
Yakuniy bosqichda esa 13 nafar ishtirokchining O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘lida olib borayotgan ishlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, undan mo‘l hosil olish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari tashkil etish va bu orqali xizmat ko‘rsatish tizimini yaratish, qishloq xo‘jaligiga ilg‘or innovatsion texnologiyalarning jalb qilinganligi, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash borasidagi qo‘lga kiritgan yutuqlariga alohida e’tibor qaratildi.
Farg‘ona viloyatining Furqat tumanidagi “Shabada-N” fermer xo‘jaligi rahbari Bolyorjon Hamzaliyev birinchi, Buxoro viloyatining Romitan tumanidagi “Jamshid Farshid zamini” fermer xo‘jaligi rahbari Jamshid Razzoqov ikkinchi, Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi “Obod turmush kelajagi” fermer xo‘jaligi rahbari Nargiza Mamanova uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, qator nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
Izoh (0)