Donetskdagi ayirmachilar Ukrainaga uchib kelgan malayziyalik mutaxassislarga halokatga uchragan “Boing” bortidagi o‘ziyozar qurilmani taqdim etdi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
“Donetsk xalq respublikasi” Bosh vaziri va Malayziya milliy xavfsizligi kengashi vakili polkovnik Muhammad Sakri muxbirlar kameralari oldida ikki “qora quti”ning topshirilayotgani haqida protokol tuzdi.
Polkovnik Muhammad Sakri qurilmalarga biroz zarar yetgan bo‘lsa-da, ularning yaxshi holatda ekanligini aytdi.
Avval xabar berilganidek, aviahalokat qurbonlarining ilk murdalari joylangan poyezd-refrijerator Donetsk viloyatidagi Torez shahriga keltirilgan edi. U 21-iyul kuni Torezdan chiqib, Xarkovga yo‘l oldi. Malayziya delegatsiyasi Ilovaysk shahri orqali keladigan mazkur poyezdni Xarkov shahrida qabul qilib oladi.
Euronews’ning xabar berishicha, halok bo‘lganlarning tanasini joylash uchun Xarkovdagi tank zavodida maxsus angar tayyorlab qo‘yilgan. Biroq hozircha shaxslarni aniqlash jarayoni qayerda amalga oshirilishi haqida bir to‘xtamga kelinmadi. Ularni Gollandiyaga olib borish ehtimoli hamon muhokama qilinmoqda.
Izoh (0)