19-iyul kuni Ramazon mavsumida umra safariga borgan dastlabki 164 nafar ziyoratchilar guruhi kutib olindi. Ramazon umra ziyoratida O‘zbekistondan jami 670 nafar fuqaro (Toshkent — Jidda — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha 3 ta reys) ishtirok etmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning rasmiy sayti xabar berdi.
Ziyoratchilar Makka va Madina shaharlarida 10 kunlik (Madinada to‘rt kun, Makkada olti kun) umra ibodatlarini to‘la-to‘kis amalga oshirmoqda.
Ziyoratchilarning ibodat qilishi, (saharlik va iftorlik) ovqatlanishi, ularga tibbiy xizmat ko‘rsatilishi, kutib olinishi va kuzatilishi bo‘yicha barcha sharoitlar yaratilgan. 29-iyulga qadar davom etadigan umra safari davomida ularga ishchi guruhi, shifokor va oshpazlar xizmat ko‘rsatadi.
O‘zbekistonlik ziyoratchilar Madina shahrida “Masjid an-Nabaviy” bilan yonma-yon joylashgan “Mavadda Al-Voha” hamda Makka shahrida Haramdan 500 metr uzoqlikdagi “Al-Bashara Mavadda” mehmonxonalarida istiqomat qilmoqda.
Ziyoratchilarni Saudiya Arabistonida kutib olish, kuzatish va ularga qulay sharoitlar yaratish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-869 son Qarori asosida Jiddadagi Bosh konsullik tarkibida joriy etilgan “Haj” va “Umra” masalalari bo‘yicha attashe bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Ularni Toshkent shahar aeroportida kutib olish esa Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, tegishli vazirliklar va idoralar xodimlari bilan birgalikda uyushgan holda amalga oshirilmoqda.
Izoh (0)