“O‘zbekiston” telekanali “Bemorga xiyonat” ko‘rsatuvi orqali Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RShTYoIM)ning Samarqand viloyati filialida sodir bo‘layotgan poraxo‘rlik, mansabni suiste’mol qilish, byudjet mablag‘ini o‘g‘irlash singari qoidabuzarliklarni ochib berdi. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.
Ko‘rsatuvda bepul tibbiy yordam ko‘rsatishi lozim bo‘lgan filialning bu qoidaga rioya qilmasligi, tashxis va tekshiruv ishlarining to‘liq olib borilmayotgani, shifokorlar bemorlarning murojaatiga e’tiborsizlik va qo‘pollik bilan javob berayotgani dalillar bilan isbotlab berilgan.
Jumladan, 2013—2014-yillarda birinchi jarrohlik bo‘limida 16 ta o‘lim holati qayd etilib, ulardan to‘rttasigina patologoanatomik tekshiruvdan o‘tgan. So‘nggi uch yilda 180 dan ziyod mijoz bir xil tashxis asosida operatsiya qilingan.
Shuningdek, filialda ro‘yxatga olish jarayoni soxtalashtirilgan. Bemorlar shifoxona tomonidan dorilar bilan ta’minlanmay, ularni sotib olishga majbur bo‘lgan.
Muxbirlar bolalar reanimatsiya bo‘limining ta’mirlash ishlariga muhtojligi, jihozlarning yetarli emasligi, xususan, ikki bolaning bitta kislorod yostiqchasidan foydalanayotganini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, filialdagi ishdan chiqqan tibbiy qurilmalar bilan birgalikda, ishlatish muddati 1991-yilgacha (ba’zilari 1978-yilgacha) bo‘lgan dori-darmon va jihozlar, ayrim xodimlarning xonalaridan esa hujjati bo‘lmagan bir necha o‘nlab tibbiy asboblar topilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, bemor qabul qilishda, uni tekshirish va tegishli shifokorga yo‘llanma berishda poraxo‘rlik keng avj olib, mablag‘ning yarmini qabulxona mudiri olgan. Xodimlarning so‘zlariga ko‘ra, shifoxona harajatlari uchun tez-tez pul yig‘ib turilgan.
Ko‘rsatuvda, shuningdek, kerakli shart-sharoit yaratilmagani bois bemorlar va ularning qarindoshlari hovlida yer va o‘t-o‘landa o‘tirgani, ichkarida esa joy yetarli bo‘lmagani uchun turgani yoki cho‘kkalab o‘tirgani namoyish etilgan.
2013-yilda binoni ta’mirlash ishlari uchun filial ma’muriyati ko‘zda tutilgandan 84 million so‘mdan ko‘p mablag‘ sarf qilganiga qaramay, u qoniqarli ahvolda emas. Muxbirlar elektr energiyaning uzilib qolishi, shu sababli suv berilmasligi, operatsiyalar chiroqsiz amalga oshirilayotgani kabi bir qator muammolarga duch kelgan.
Izoh (0)