Isroil G‘azo sektorida “Mudofaa chizig‘i” operatsiyasining quruqlikdagi bosqichini boshladi. Hujum boshlashdan avval harbiylar ommaviy artilleriya tayyorgarligidan o‘tib, anklavga havo va dengizdan zarba berdi. Operatsiyada piyoda qo‘shin, aviatsiya, muhandislik qo‘shinlari va tank bo‘linmalari ishtirok etadi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Isroil operatsiyani HAMAS tashkilotiga tegishli binolarga qarata amalga oshirayotganini, jangarilar esa tinch aholidan “tirik qalqon” sifatida foydalanayotganini ta’kidlamoqda. So‘nggi otishmalar natijasida Isroilda bir kishi halok bo‘lib, 20 dan ko‘prog‘i jarohatlangan. Falastinda esa uch nafar bola hujum qurboni bo‘lgan.
So‘nggi 10 kun ichida Isroil “Mudofaa chizig‘i” havo operatsiyasi doirasida G‘azo sektoriga qarata 1700 dan ziyod zarba berdi. Falastin esa bu vaqt mobaynida Isroil tomonga 1500 raketa uchirdi. Falastinlik shifokorlar 8-iyuldan buyon davom etayotgan aviahujumlar natijasida umumiy qurbonlar soni esa 240 dan ortiq kishini tashkil etganini qayd etdi.
17-iyul kuni Isroil va HAMAS o‘rtasida besh soat davom etgan “gumanitar” yarashish tushgacha yakunlandi. Misr ko‘magi bilan Qohirada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda HAMAS va Isroil yarashish borasida bir to‘xtamga kela olmadi.
Izoh (0)