Koreya yarimorolida AQSh va Koreya Respublikasi harbiy dengiz kuchlarining o‘quv harakatlari boshlandi. Bu haqda “Renxap” agentligiga asoslanib, “ITAR-TASS” xabar berdi.
Janubiy Koreyaning Pusan va Donxe portlariga AQShning George Washington atom aviatashuvchi kemasi hamda Aegis raketaga qarshi mudofaa tizimi bilan jihozlangan Kidd esminetsi kirib keldi.
Harbiy mashg‘ulotlarda, shuningdek, Koreya respublikasi kemalari, aviatsiya, quruqlik qo‘shinlari va dengiz piyoda askarlari qatnashadi.
Ikki davlat harbiy dengiz kuchlarining o‘zaro hamkorlik darajasini kuchaytirish maqsadida olib borilayotgan mashg‘ulotlar Sariq va Yapon dengizlarida 21-iyulga qadar davom etadi.
Mashg‘ulotlar tugagach, Janubiy Koreya va Yaponiya harbiy dengiz kuchlarining Cheju oroli janubida harbiy harakatlar olib borishi rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, KXDR mazkur harbiy mashg‘ulotlarga o‘z qarshiligini bildirdi va hafta boshida Yapon dengiziga qarata 100 dan ortiq raketa uchirdi.
Izoh (0)