Qozog‘istonning Olma-Ota shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan an’anaviy xalqaro turnirda O‘zbekiston sportchilari bitta oltin, bitta kumush va to‘rtta bronza medalga sazovor bo‘lib, umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Stadion.uz xabar berdi.
Kubalik charm qo‘lqop ustalari bitta oltin, ikkita kumush, uchta bronza medal bilan ikkinchi o‘rinni band etgan bo‘lsa, yettita oltin, to‘rtta kumush va oltita bronza medalga sazovor bo‘lgan qozog‘istonliklar umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga oltin medalni Shahobiddin Zoirov (52 kg gacha og‘irlik) keltirdi. Kumush medal Hasanboy Do‘smatovga (49 kg gacha) nasib etgan bo‘lsa, Elnur Abduraimov (60 kg gacha), Isroil Madrimov (69 kg gacha), Xurshidbek Normatov (75 kg gacha) va Rustam To‘laganov (91 kg gacha) bronza medal sohibi bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, “Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Kubogi” IV Xalqaro turniri Olma-Ota shahridagi Baluan Sholak nomidagi Sport saroyida 7—14-iyul kunlari bo‘lib o‘tdi.
Izoh (0)