13-iyul (Toshkent vaqti bilan 14-iyulga o‘tar kechasi) Germaniyaning Bremen shahridagi kinoteatrlardan birida JCh — 2014 final uchrashuvini tomosha qilayotgan muxlislar orasida janjal chiqib, 19 yoshli yigit halok bo‘ldi. Bu haqda Vesti.ru xabar berdi.
Muxlislar o‘yinning qo‘shimcha vaqtida janjallashib qoladi va ulardan biri qayerdandir pichoq topadi. Germaniyaning The Local gazetasi xabariga ko‘ra, shaxsi ma’lum qilinmayotgan 19 yoshli yigit pichoq bilan yetkazilgan qattiq jarohat tufayli 14-iyul tongida shifoxonada vafot etdi.
Bu qotillikda 22 yoshli shaxs gumon qilinib, hibsga olindi. Ma’lum bo‘lishicha, unga ham vafot etgan yigitning 23 yoshli akasi jarohat yetkazgan. Politsiya guvohlarni so‘roq qilishda davom etmoqda.
Final uchrashuvidan so‘ng yana bir qariyaning halok bo‘lgani haqida xabar tarqaldi. Mamlakatning janubi — Yuqori Bavariyada tungi soat 3 (Toshkent vaqti bilan tonggi 6) atrofida boshiga bir necha bor zarb berilgan qariya vafot etdi. 15 daqiqa o‘tib, voqea sodir bo‘lgan joy yaqinida yana bir ayolga hujum uyushtirildi. Ayol jarohat bilan shifoxonaga yetkazildi.
Uchrashuvdan so‘ng Argentinada ham norozi muxlislar Buenos-Ayres ko‘chalariga chiqdi. Germaniya elchisi o‘yinni tomosha qilgan barga kelgan darg‘azab argentinaliklar nemis sayyohlariga hujum qildi. Politsiya ikki kishini qo‘lga oldi.
Argentina poytaxtida jami 70 kishi jarohatlandi, 50 kishi hibsga olindi. Qizishib ketgan muxlislarni tinchlantirish uchun politsiya ko‘zni yoshlantiradigan gaz va rezina o‘qlardan foydalanishga majbur bo‘ldi.
Izoh (0)