Isroil armiyasining G‘azo sektoriga tomon artilleriya va aviatsiya hujumlari shanba kuni ham to‘xtamadi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Besh kundan buyon davom etayotgan “Mudofaa chegarasi” operatsiyasi natijasida 120 dan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, 600 nafari jarohatlandi. Biroq isroilliklar G‘azo sektoridan Isroil tomon uchirilayotgan raketalarni to‘xtata olmayapti.
Isroil armiyasining ma’lum qilishicha, HAMAS va “Islom jihodi” tashkilotlari tomonidan so‘nggi besh kun ichida 660 ta raketa va minomyot snaryadlari uchirilgan.
Isroil harbiylarining so‘ziga ko‘ra, armiyaning shanba kungi hujumi HAMAS harakati yetakchilarining uyi va masjidlarga yo‘naltirildi.
Hozircha xalqaro hamjamiyat tomonidan ikki tarafga yuborilgan tinchlanish haqidagi murojaatlar foyda bermadi.Bosh vazir Binyamin Netanyahu xalqaro hamjamiyatning otishmalarni to‘xtatish uchun bosim o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymasligini aytdi. G‘azo sektori rahbari, HAMAS yetakchisi Ismoil Haniya ham yarashish fikrini rad etdi.
Quvayt muammoning yechimini topish niyatida dushanba kuni Arab davlatlari ligasining a’zolarini tashqi ishlar vazirlari doirasida favqulodda sammit o‘tkazishga chaqirdi.
Izoh (0)