Iroq shimolidagi Bey-Hasan va Kirkuk neft konlarini kurdlarning harbiy tashkiloti egallab oldi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Bey-Hasan va Kirkuk neft konlaridan birgalikda kuniga 450 000 barrel neft qazib olinadi.
Iroqning neft vazirligi vakili mazkur ikki konning kurdlar tomonidan egallab olinishini “xavfli va mas’ulyatsizlik bilan amalga oshirilgan harakat”, deb baholab, kurdlarni chekinishga chaqirmoqda.
Kurd hukumatining aytishicha, ularning bu harakatiga Kirkukdagi asosiy konlarni bir-biri bilan bog‘lashi lozim bo‘lgan yangi truboprovod qurilishini to‘xtatish rejalashtirilayotgani sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, Iroq Kurdiston avtonom mintaqasidagi ishchilarning maoshi, shuningdek, neftdan keladigan daromadning 17 foizini berishdan bosh tortayotganlikda ayblanmoqda.
“Iroq bosh vaziri Nuri al-Maliki avtonom hududning byudjetini noqonuniy ravishda qisqartirdi”,– deydi Kurdistonning xalqaro munosabatlar bo‘yicha mintaqaviy departamenti rahbari Falah Mustafo Bakkir. Shuningdek, u kurdlarning talabi bajarilmas ekan, neft konlarini egallab turishda davom etilishini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, Iroqning 60 foiz neftini Kurdiston avtonom mintaqasi yetkazib beradi. Kirkuk esa dunyodagi eng katta neft konlaridan biri bo‘lib, shahar asosiy aholisini kurdlar tashkil etadi.
Izoh (0)