Rossiyaning Rostov oblastidagi Krasniy Sulin shahri ostida g‘aroyib qabr topildi, deb xabar berdi “ITAR-TASS” RT telekanaliga tayanib.
Ta’kidlanishicha, qabrdan yuzma-yuz, bir-birini quchoqlab yotgan ikki kishining skeleti, ulardan bir necha metr uzoqroqdagi chuqurdan esa bola suyaklari topilgan.
Rossiyalik arxeolog Igor Gudimenko bu topilmaga bronza davrining Romeo va Julyettasi deb izoh berar ekan, shu kungacha bunday qabrga duch kelmaganini aytdi. “Odatda, ikki yoki uch kishilik qabrlarda erkak kishi ortida ayol, uning ortida esa bola yotadi”, — deydi Igor Gudimenko o‘z tajribasidan kelib chiqib.
Qoldiqlarning yoshi 4000 yil atrofida ekani taxmin qilinmoqda. Ularning aniq yoshi va jinsi antropologlar tomonidan aniqlanadi.
Izoh (0)