Joriy yilning mart oyida xitoylik xakerlar AQShning o‘n minglab xodimiga oid ma’lumotlar saqlanayotgan bir necha davlat organlari tarmog‘ini buzgan, deb xabar berdi “RIA Novosti” New York Times gazetasida bugun chop etilgan maqolaga asoslanib.
Xakerlar AQShning Kadrlar xizmati boshqarmasiga hujum uyushtirib, maxfiy ma’lumot olish uchun davlat organlariga murojaat qilgan mansabdor shaxslarga oid axborotni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Hujum haqida ma’lum bo‘lishi bilanoq tarmoq bilan shug‘ullanuvchi xodimlar fayllarga kirish yo‘lini berkitib qo‘ydi.
Xakerlar qancha hajmda va qanday ma’lumotga ega bo‘lganliklari aniqlanmadi. Amerikaning maxsus xizmat xodimlari mazkur hujum Xitoy hududidan uyushtirilganini aniqladi, biroq u Pekin buyrug‘i bilan amalga oshirilganmi, yo‘qmi hozircha noma’lum.
Bundan avvalroq AQShning Crowdstrike nomli kiberhimoya bilan shug‘ullanuvchi kompaniyasi Xitoy Xalq ozodlik armiyasining Shanxaydagi harbiy qismini 2007-yildan buyon AQSh Mudofaa vazirligi muassasalariga xakerlik hujumini amalga oshirganlikda ayblagan. 2014-yil may oyida Amerika Xitoy armiyasining besh xodimiga qarshi AQShning mudofaa faoliyatiga doir savdo-sotiq bilan bog‘liq sirlarni “o‘g‘irlagan”i haqida ayb qo‘ygan.
Izoh (0)