Bundan biroz vaqt muqaddam FIFA jahon chempionati finalini boshqarishi mumkin bo‘lgan 15 nafar hakamning nomini ma’lum qilgan edi. Hozir bu ro‘yxatdan meksikalik Rodriges va turkiyalik Junayt Chaqirni bemalol o‘chirib tashlash mumkin. Bu hakamlar jahon chempionatining yarim final bahslarini boshqarish baxtiga muyassar bo‘ldi, deb yozadi Uff.uz Rg.ru internet nashrida chiqqan tahliliy maqolaga tayanib.
Endi futbol muxlislarini boshqa savol qiynaydi: finalni kim boshqarar ekan? Tabiiyki bu savolga javob berish qiyin, ammo FIFA hakamlar qo‘mitasi rahbari Massimo Buzakkaning aytishicha, mundialning eng mas’uliyatli uchrashuvini boshqarishga munosib hakamlar saralab olingan.
Buzakkaning ishonchi
Massimo Buzakka bu haqida quyidagicha fikr bildirib o‘tgan:
— Jahon chempionati finalini boshqarishga nomzodlarning barchasi yetarlicha saviyaga ega va ruhan kuchli. Shu bilan birga aytish mumkin, FIFA hakamlari o‘zaro kurashdalar va buni o‘zlari ham yaxshi biladilar. Raqobat juda kuchli. Har qanday kichik xato hakamlar faoliyatiga nuqta qo‘yishi mumkin. Shunday ekan, hech kim kelajagini xavf ostiga qo‘ymasligi aniq.
Finalni boshqarishga da’vogarlarni qanday saralab oldik? Hammasi juda oddiy — musobaqa boshlangan zahotiyoq bizning qo‘mitamiz barcha hakamlar va ularning yordamchilarini monitoring qilib bordilar. Natijada jismoniy, tibbiy va texnik tomondan bizga to‘g‘ri keladigan hakamlarni saralab oldik. Bizda ajoyib professionallar bor va ularning har biri “Marakana”dagi o‘yinni boshqarishga haqlidir...
Nomzodlar
Biz yuqorida Rodriges va Junayt Chaqir yarim finalda ishlagani tufayli finalni boshqaruvchilar ro‘yxatidan o‘chirilganini aytdik. Hozirda quyidagi hakamlar final uchun kurashda davom etmoqdalar:
Osiyodan ikki nafar hakam: Yuichi Nishimura va Ravshan Ermatov. Afrikadan: Numande Due (Kot-d Ivuar) va Jamel Xaimudi (Jazoir). Shimoliy va Markaziy Amerika: amerikalik Mark Geyger. Janubiy Amerika: Enrike Osses (Chili), Sandro Richchi (Braziliya) va Karlos Vera (Ekvador).
Eng ko‘p da’vogar hakamlar esa Yevropadan bo‘lib turibdi: Yonas Eriksson (Shvetsiya), Pedru Proensa (Portugaliya), Nikola Ritssoli (Italiya), Karlos Velasko Karbalo (Ispaniya) va Xovard Uebb (Angliya).
Argentina nima uchun Ermatovdan qo‘rqadi?
Toshkentlik 36 yoshli FIFA hakami Ravshan Ermatov hozirdanoq Braziliyadagi jahon chempionatini o‘z hisobiga yozib qo‘yishi mumkin. Aynan mana shu musobaqada u jahon chempionatlari uchrashuvlarini boshqarish borasida rekord o‘rnatdi. Ravshan Ermatovning faoliyati davomida mundial bahslarining hisobi 9 taga yetgan. Shu tariqa u mundiallarda 8 tadan uchrashuv boshqargan fransuz Joel Kino, urugvaylik Xorxe Larriondo va meksikalik Benito Archundiyalarni ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi.
Braziliyadagi musobaqada Ravshan Ermatov Ekvador — Shveysariya, Meksika — Xorvatiya, AQSh — Germaniya va Gollandiya — Kosta-Rika uchrashuvlarini boshqarishga ulgurdi. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozim, jahon chempionatining kichik mojarosi ham Ravshan Ermatov nomi bilan bog‘liq bo‘lib turibdi. Gap shundaki Argentina terma jamoasi nimchorak finalda Shveysariyaga qarshi kechgan uchrashuvni boshqarish uchun Ravshan Ermatov tayinlanganini bilgach, norozilik bildirgan va hakamni o‘zgartirishni talab qilgan edi.
“Albiselesta” vakillari kutilmaganda 2010-yilda Germaniyaga qarshi kechgan va Argentinaning anchayin alamli mag‘lubiyati bilan yakunlangan uchrashuvini aynan Ravshan Ermatov boshqarganini eslab qoldilar. O‘z navbatida FIFA ham ularni “to‘g‘ri tushundi” va Ermatovning o‘rniga shvetsiyalik Erikssonni tayinladi. Ammo bundan argentinaliklarga oson bo‘ldi deyish qiyin. O‘sha uchrashuvda janubiy amerikaliklar mo‘jizaviy gol tufayli g‘olib chiqqan edilar.
Ravshan Ermatov esa aynan JARda kechgan jahon chempionatidagi hakamligi bilan tanilgan edi. O‘shanda u haqida ilk bora ekstra-klass hakami sifatida gapira boshlagandilar. Ermatov JARga eng yosh hakam sifatida tashrif buyurgan edi. Ammo o‘shandayoq Osiyoning eng yaxshi hakami, degan e’tirofga ega edi. Ermatov mundialda ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi, ajoyib ishi bilan tezda tilga tushdi va jahon chempionatining beshta o‘yinini boshqardi. JAR va Meksika o‘rtasida kechgan ochilishi uchrashuvini alohida eslash lozim.
Prinsipga qat’iy amal qiladigan, ingliz tilini ajoyib tarzda o‘zlashtirgan va qat’iy hakamni tezda yirik musobaqalarga taklif qila boshladilar. Ermatov Londondagi musobaqada uchta o‘yinni boshqardi, shuningdek 2013-yilda Konfederatsiyalar Kubogida ham ishladi. Mutaxassislar Ravshan Ermatov o‘yinni juda yaxshi o‘qishi, temir irodasi va qat’iyligini yuqori baholaydilar. Shu vaqtga biror futbolchi uni alday olmagan. Shu sababli futbolchilar undan hatto biroz qo‘rqadilar ham. Masalan, butun boshli Argentina terma jamoasi undan hadiksirab turadi.
Izoh (0)