O‘zbekistonda 2014-yilgi Mustaqillik bayrami tantanalari “Yagonasan, muqaddas Vatanim, sevgi va sadoqatim senga baxshida, go‘zal O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 1-iyul kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida qayd etilgan, deya xabar beradi “Kun”.
“O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 23 yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Respublika komissiyasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin”, — deyiladi Prezident qarorida.
Qarorga asosan, respublika komissiyasi bir hafta muddatda “Yagonasan, muqaddas Vatanim, sevgi va sadoqatim senga baxshida, go‘zal O‘zbekistonim!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqadi.
Dasturda asosiy e’tibor “tarixan qisqa davrda biz qanday ulkan rivojlanish yo‘lini bosib o‘tganimizni baholashda ‘Kim edigu kim bo‘ldik?’ degan hayotiy haqiqatni asosiy va bosh g‘oya sifatida belgilash”, mamlakat, shahar va qishloqlarning qiyofasi yildan-yilga ochilib, tobora obod va go‘zal bo‘lib borayotgani va boshqa islohotlarni yoritish va boshqalarga qaratilishi kerakligi qayd etilgan.
Xususan, dasturda “mamlakat o‘tgan asr oxirida keskin ijtimoiy muammolar girdobiga tushib qolgan, aholining hayot darajasi bo‘yicha sobiq SSSRda eng oxirgi o‘rinlardan birini egallagan, paxta yakkahokimligi halokatli tus olgan, iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan, qoloq agrar respublikadan bugungi kunda sanoati tez sur’atlar bilan o‘sib, iqtisodiy qudrati va salohiyati yuksalib borayotgan zamonaviy davlatga aylanganini ochib berilishi” ham kerak.
Prezident qarorida ta’kidlanishicha, Madaniyat va sport ishlari vazirligi “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi Yozuvchilar va Bastakorlar uyushmalari bilan birgalikda O‘zbekiston mustaqilligini tarannum etishga qaratilgan eng yaxshi qo‘shiqlar, musiqa asarlari uchun “Yagonasan, muqaddas Vatan!” an’anaviy respublika tanlovining yakuniy bosqichini o‘tkazadi, tanlov g‘oliblari va sovrindorlari Mustaqillik bayrami arafasida e’lon qiladi.
Bundan tashqari, Matbuot va axborot agentligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Badiiy akademiya, “Tasviriy oyina” uyushmasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda avgust oyining oxirida “Eng ulug‘, eng aziz”, “Vatan uchun yashaylik”, “Seni kuylaymiz, zamondosh”, “Ranglar jilosida – ona diyor” kabi ko‘rik-tanlovlarni o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, 2014-yil 1-sentabr kuni O‘zbekiston mustaqillik erishganiga 23 yil to‘ladi. Ushbu sanaga bag‘ishlangan asosiy bayram tadbirlari 31-avgust kuni Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘da bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Izoh (0)