Polsha davlatida suzish bo‘yicha nihoyasiga yetgan xalqaro musobaqada o‘zbekistonlik sportchi Dmitriy Xorlin oxirgi kun 200 metr masofaga erkin usulda suzish bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritish bilan birga Osiyo rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi, deb yozadi O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
200 metr masofani 2:04,52 soniyada suzib o‘tgan Dmitriy 1999-yili xitoylik Xyu Xyongu tomonidan o‘rnatilgan rekord natijani (2:20,27 soniya) 15,75 soniyaga yaxshilashga erishdi.
Mazkur xalqaro turnirda Dmitriy Xorlin 400 metr masofaga o‘tkazilgan suzish musobaqasida ham Osiyo rekordini yangilagan. Bundan tashqari, Dmitriy 100 metr masofaga erkin usulda suzish bahslarida ham marra chizig‘iga birinchi bo‘lib yetib kelgan.
Polshada bo‘lib o‘tgan xalqaro turnir yakunlariga ko‘ra Dmitriy Xorlin uch bor oltin medalga sazovor bo‘lish bilan birga, 2014-yil oktabr oyida Incheon (Janubiy Koreya)da o‘tkaziladigan ParaOsiyo o‘yinlarida qatnashish huquqini ham qo‘lga kiritdi.
Izoh (0)