Birlashgan Arab Amirliklarida Osiyo va Afrikada ichimlik suvi yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan besh million odamga yordam ko‘rsatish bo‘yicha xayriya kampaniyasi boshlandi, deya xabar beradi “Kun” Agence France-Presse axborot agentligining ma’lumotiga asoslanib.
Kampaniya 28-iyun, shanba kuni start olgan bo‘lib, hozirgacha asosan yetakchi kompaniyalar yordami bilan 33,5 million dirham (9,1 million dollar va 6,7 million yevro) to‘plangan. Xayriya maqsadida pul yig‘ish kampaniyasi 17-iyulga qadar davom etadi va BAA hukumati boshqa shirkatlarni ham unda faol ishtirok etishga chaqirmoqda.
Ushbu xayriya kampaniyasi musulmonlar uchun muqaddas hisoblangan Ramazon oyi munosabati bilan tashkil etilgan bo‘lib, ushbu oyda xayr-ehson qilish eng maqbul ishlardan biri hisoblanadi.
Khaleej Times’ning yozishicha, BAA Qizil Yarimoy jamiyati o‘n mamlakatda, xususan, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Niger, Somali, Gana, Sudan, Indoneziya, Togo va Iroqda ichimlik suvi quduqlarini qazishni boshlagan.
Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, neftga boy BAA davlati 2009—2013-yillar davomida jahonning 61 mamlakatidagi ichimlik suvi muammolarini bartaraf etishga yordam sifatida 1,014 milliard dirham ajratgan.
Izoh (0)