2013-yilning 12-oktabridan 13-oktabriga o‘tar kechasi soat 02:00 larda Olmaliq shahridagi xonadonlarning birida Kamila va Dildora Imomovalarning murdalari va Dilfuza Imomova hushsiz holatda, og‘ir tan jarohatlari bilan topilgan. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar berdi.
Mazkur jinoyat ishini fosh etishga qaratilgan keng qamrovli tezkor-tergov harakatlari natijasida qotillik E. Abdurasulov tomonidan sodir etilganligi fosh etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha tunda Olmaliq shahri 5/3-dahasidagi ko‘p qavatli uylardan birining oldida paydo bo‘lgan E. Abdurasulov o‘zi nishonga olgan xonadonga balkon orqali kiradi va xonadon egalariga temir truba bilan zarb beradi. Buning oqibatida ikki kishi vafot etadi va bir kishi jarohatlanadi.
E. Abdurasulov shuncha ishdan keyin ham o‘zining asosiy maqsadidan chekinmay, xonadondan ikkita uyali aloqa telefon apparati, ikki dona tilla uzuk va bir juft zirakni qo‘lga kiritib, qochib qoladi. Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha o‘tkazilgan keng qamrovli tezkor-tergov harakatlari natijasida E. Abdurasulov tomonidan jinoiy guruh tashkil etilib, qator jinoyatlar sodir etilganligi ma’lum bo‘ldi.
Izoh (0)