O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 15-apreldagi PQ-2164 sonli “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, tadbirkorlik subyektlariga o‘z ish joylaridan Yagona portal orqali Adliya organlariga interaktiv shaklda shikoyat yo‘llash imkoni yaratildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi xabar berdi.
Mazkur xizmat joylardagi ayrim rahbar va mas’ul xodimlar tomonidan hanuzgacha tadbirkorlik subyektlariga nisbatan adolatsiz munosabatda bo‘lish singari salbiy holatlar, xususan, ortiqcha hujjatlarning talab etilishi, tadbirkorlik subyektlarini majburiy mehnat resurslariga hamda homiylikka jalb etish bilan bog‘liq noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olishga qaratilgan.
Shuningdek, tadbirkorlar shikoyatni ko‘rib chiqish, sifatini baholash, o‘zlarining fikr-mulohazalarini qoldirish imkoniga egadirlar.
Shikoyatlar Yagona portal Call-center xizmatining “1060” qisqa raqamlari orqali ham yo‘llanishi mumkin.
Izoh (0)