Dunyodagi qadimiy va eng nufuzli tadqiqot markazlaridan biri – Oksford universitetining (Buyuk Britaniya) bir guruh yetakchi olimlari chuqur kompleks tadqiqot o‘tkazib, rivojlanayotgan mamlakatlarning energiya ta’minoti muammolarini ko‘p mablag‘ talab qiladigan gidroelektr stansiyalar qurish orqali hal etish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida ilmiy asoslangan xulosaga keldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Oksford universiteti olimlari A. Ansar, B. Flayberg, A. Badziyer va D. Lann zamonaviy statistika uslublaridan foydalangan holda, so‘nggi 70-yilda besh qit’a va 65 mamlakatda qurilgan 245 yirik to‘g‘onni tahlil qilib, yirik gidroenergetika inshootlarini qurish nechog‘li maqsadga muvofiqligi haqidagi masala yuzasidan ilmiy asoslangan va dalillar bilan isbotlangan batafsil tadqiqotni tayyorladi. Tadqiqot natijalari “Energetika siyosati” xalqaro jurnalida chop etilgan “Yirik to‘g‘onlar barpo etish kerakmi. Gidroenergetik megaloyihalarni amalga oshirishning real qiymati” maqolasida bayon etilgan.
Britaniyalik olimlarning xulosasiga ko‘ra, yirik to‘g‘onlar qurish bo‘yicha har to‘rt loyihaning uchtasini qurish jarayonida ularning qiymati ortib borgan. Ya’ni, ularning haqiqiy qiymati loyiha qiymatidan o‘rtacha 96 foiz yoki qariyb ikki barobar ko‘paygan. Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, yirik to‘g‘onning loyihada belgilangan qiymatini yetarlicha baholamaslik ehtimoli bugun ham 1934-yildagi kabi yuqoriligicha qolmoqda.
Tadqiqot davomida yirik megato‘g‘onlarni barpo etish bunday loyihalar qiymatining shiddatli o‘sishi bilan bog‘liqligi aniqlangan: balandligi 100 metr bo‘lgan to‘g‘onni qurish, odatda, 50 metrlik to‘g‘onni qurishdan to‘rt marta qimmatga tushadi. Olimlar to‘g‘onlarning loyihalashtirilayotgan va yakuniy qiymati o‘rtasidagi farq mamlakatning iqtisodiy taraqqiyot darajasiga bog‘liqligiga alohida e’tibor qaratgan. Bu borada maxsus o‘tkazilgan statistik tahlil daromad darajasi past bo‘lgan mamlakatlar yirik to‘g‘onlar qurish qiymatini yetarlicha baholamaslikka moyilligini ko‘rsatdi. Shu munosabat bilan tadqiqot mualliflari quyidagilarni ta’kidlagan:
Rivojlanayotgan mamlakatlar, yirik to‘g‘onlar kabi murakkab inshootlarga go‘yo ehtiyoj yuqori tuyulsa-da, o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, har tomonlama puxta o‘ylanmagan qarorlar qabul qilishdan tiyilishlari lozim.Tadqiqot mualliflari to‘g‘onlar qurilishining qiymati oshishini tahlil qilish barobarida, bunday qurilishning loyihada ko‘zda tutilgan muddati bilan uni qurib bitkazish muddati o‘rtasidagi tafovutni ham o‘rganib chiqdi. Bu borada ular o‘nta yirik to‘g‘onning sakkiztasi loyihada ko‘zda tutilgan muddatlarda nihoyasiga yetkazilmaganini aniqladi. Obyektni foydalanishga topshirish bo‘yicha loyihada nazarda tutilgan muddatdan orqada qolish vaqti o‘rtacha 44 foiz yoki 2,3-yilni tashkil qilgan.
Statistik tahlil shuni ko‘rsatdiki, balandligi 150 metrdan yuqori bo‘lgan megato‘g‘onni qurish muddati bundan pastroq bo‘lgan shunday inshootni barpo etishga ketadigan o‘rtacha muddatdan ancha ko‘p, ya’ni 8,6-yilni tashkil etadi. Tadqiqot mualliflarining fikricha, bu yirik gidroinshootlar tarafdorlarining GES energiya ta’minoti muammosini tez va samarali hal etish yo‘li ekani haqidagi fikrlari mutlaqo asossiz ekanidan dalolat beradi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda yirik to‘g‘onlar qurilishi, statistikaga ko‘ra, rivojlangan davlatlardagiga nisbatan ko‘proq vaqt talab etadi.
Britaniyalik olimlar yirik to‘g‘onlar qurish va uning oqibatlarini yetarlicha inobatga olmaslik katta iqtisodiy va moliyaviy zarar keltirishini aniq ko‘rsatib bergan. Xususan, mualliflar yirik to‘g‘onlar jiddiy ekologik va ijtimoiy ta’sirga ega ekanini qayd etgan. Bu borada yirik GESlar qurilishi atrof-muhitga falokat keltirgani va keyin o‘n yillar davomida ularning ekologik oqibatlarini yumshatish uchun o‘n milliardlab dollar sarflash talab etilishini misol qilib keltirgan.
Olimlar o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga asoslanib, quyidagi xulosaga kelgan:
Katta moliyaviy xarajatlar va atrof-muhitga keltiriladigan halokatli zarar inobatga olinsa, yirik to‘g‘onlardan keladigan va ko‘klarga ko‘tarib maqtalgan foyda aslida shubhalidir. Zamonaviy yirik to‘g‘onlar ko‘lami shu darajada kengki, ularni qurishda ozgina adashish ham hatto iqtisodiy rivojlangan yirik mamlakatlarning ham iqtisodiy ahvolini murakkablashtirishi, bunday megaloyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladigan katta miqdordagi mablag‘lar nafaqat kompaniyalar, balki davlatning ham moliyaviy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.«Fuqarolik jamiyati va ilmiy tadqiqotlarda yirik to‘g‘onlar iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik oqibatlar, shuningdek, jamoatchilik uchun samarasi g‘oyat past ekanligi haqida ko‘plab dalillar paydo bo‘lmoqda», deydi mualliflar.
Olimlar o‘z tadqiqotining natijasi sifatida, energiya taqchilligi muammolarini hal qilishda yirik gidroelektr stansiyalar barpo etish bilan bog‘liq bo‘lmagan variantlarni tavsiya etgan. Bu, ayniqsa, salbiy geologik sharoit omillari, qurilish uzoq muddat talab qilishi va uning qiymati keskin oshib ketishi xavfi mavjud bo‘lganda yanada muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, mualliflar rivojlanayotgan mamlakatlar hukumatlari katta miqdordagi qarz mablag‘larini jalb etish evaziga amalga oshiriladigan va mamlakatning moliyaviy ahvoli va iqtisodiy istiqbolini xavf ostiga qo‘yadigan yirik loyihalarni hayotga tatbiq etishdan tiyilishi lozimligini tavsiya etgan.
Tadqiqot natijalari go‘yo arzon elektr energiyasi ishlab chiqaradigan yirik gidroelektr stansiyalar qurish tarafdorlariga ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib jaranglashi darkor. Oksford universitetining nufuzi, tadqiqotchilarning yuksak malakaga ega ekani, shuningdek, tadqiqotda foydalanilgan salmoqli ilmiy va statistik baza e’tiborga olinadigan bo‘lsa, bu natijalar jahon hamjamiyati fikriga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasizdir. Maqola mualliflarining xulosa va tavsiyalari siyosatchi-amaliyotchilar uchun energiya ta’minoti muammosini bugungi kunda eskirgan va katta texnogen, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik xavfli yirik gidroenergetika obyektlarini qurish loyihalaridan ko‘ra har tomonlama chuqur o‘ylangan, foydali va xavfsiz hal etish yo‘llarini tanlashida alohida ahamiyatga egadir, deb yozadi O‘zA.
Izoh (0)