Xitoylik ishlab chiqaruvchilar Braziliyada futbol bo‘yicha o‘tkazilayotgan jahon chempionati kabi yirik xalqaro musoboqani nazardan chetda qoldirishni istashmadi. Misol uchun, “Taobao” deb nomlanadigan internet-do‘konda ichimlik idishlarining temir qopqog‘ini ochish uchun mo‘ljallangan noyob ochqichlar paydo bo‘ldi deya xabar berdi “ITAR-TASS” axborot agentligi. Ularning noyobligi shundaki, bu ochqichlar Urugvay terma jamoasining mashhur janjalkash to‘purari Luis Suaresning qiyofasida ishlab chiqilgan.
Barchaga ma’lumki, lotin amerikalik bu qahramon Italiya terma jamoasi bilan bo‘lgan o‘yinda raqib tomon o‘yinchisi Jorjo Kyellinini tishlab olgan. Aynan shu sabab Suares terma jamoaning to‘qqizta rasmiy o‘yini va to‘rt oy muddatga har qanday futbol faoliyati bilan shug‘ullanishdan chetlatilgan.
“Shisha idishlarni osonlik bilan ochadi” deb ta’riflangan bu yangi mahsulot 15 yuan (2,5 AQSh dollari)dan 10 ming yuan (1606 AQSh dollari)gacha sotilmoqda. Xitoyliklar har qanday qiziq vaziyatlardan foyda olish mumkinligini amalda ko‘rsatib bermoqdalar.
Izoh (0)